«Haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz shart» - Prezident
«Qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz shart», - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 dekabr kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirdagi nutqida mamlakat boshlagan islohotlarni qat’iy davom ettirishini ma’lum qildi.
«Agar biz yurtimizda barqaror iqtisodiyot qurmoqchi bo‘lsak, dunyodagi rivojlangan mamlakatlar kabi boy va farovon yashamoqchi bo‘lsak, yuzaki emas, balki qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz shart. Yagona yo‘limiz shu. Bu - Asosiy qonunimiz talabi. Boshqa yo‘l yo‘q. Biz boshlagan islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz va ular albatta o‘zining ijobiy natijasini beradi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yaxshi yashash uchun eng avvalo yaxshi mehnat qilish, huquq va erkinlik bilan birga javobgarlik va mas’uliyatni ham chuqur his etish zarurligini ta’kidladi. Yoshlarning ilmga intilishini kuchaytirish, tadbirkorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy mamlakatlar bilan turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bundan buyon ham islohotlar markazida bo‘lishini qayd etdi.
«Chunki bilimli avlod - buyuk kelajakning, tadbirkor xalq - farovon hayotning, do‘stona hamkorlik esa - taraqqiyotning kafolatidir!» - dedi davlat rahbari.