O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT GERBI
O`zbekiston Respublikasi Davlat gerbi yuqordagi ko`rinishga ega: tog`lar, daryolar va so`l tomoni bug`doy boshoqlaridan, o`ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g`o`za shoxlaridan iborat chambarga o`ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo`lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi - qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «O‘zbekiston» deb yozib qo`yilgan. O`zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko`rinishida: Humo qushi va daryolar - kumush rangida; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O‘zbekiston» yozuvi - oltin rangida; g`o`za shoxlari va barglari, tog`lar va vodiy - yashil rangda; chanoqlardagi paxta - oq rangda; lenta - O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak - oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar - oq rangida tasvirlangan.