«Soliq imtiyozlaridan voz kechamiz, barcha teng bo‘lishi lozim» -Prezident

00001

O‘zbekistonda alohida tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari va preferensiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. «Barcha teng bo‘lishi lozim», - dedi Prezident.

O‘zbekistonda bozorning barcha ishtirokchilari uchun adolatli soliq tizimini yaratish uchun soliq imtiyozlari va preferensiyalardan bosqichma-bosqich voz kechiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga an’anaviy murojaatnomasida ma’lum qildi.

«Soliq yukini pasaytirish hisobiga barcha uchun yagona adolatli soliq tizimini yaratish lozim. Biz bosqichma-bosqich soliq imtiyozlaridan voz kechishimiz kerak, chunki soliq imtiyozlarining taqdim etilishi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, buni tadbirkorlarning o‘zlari ham tan olmoqda. Barcha barobar bo‘lishi kerak. Bozor rahmsiz, biroq barcha uchun teng imkoniyatlar bo‘lishi lozim. O‘shanda biz raqobatbardosh, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqara olamiz», - dedi davlat rahbari.

Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda yo‘l xaritasini ishlab chiqish topshirildi. «Bizda barchasi tayyor, lekin shoshmasligimiz kerak. Nima uchun ikki oy berilmoqda? Jumladan chet ellik sheriklardan takliflar kelib tushishi mumkin», - dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev soliq yukini kamaytirish, tadbirkorlar va investorlarning biznes yuritishlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, «yashirin» iqtisodiyotga barham berishning yagona yo‘li ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Davlat rahbari endilikda qonunshunoslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilinuvchi qonunlarni ishlab chiqishlari lozimligini qayd etdi. «Qonun qabul qilinadi, so‘ngra qonunosti aktlari va yana 20 ta hujjat qabul qilinadi», - dedi Prezident.