O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi davomida ikki mamlakat rahbarlari o'rtasida erishilgan hamkorlik to'g'risidagi kelishuvlarni, hamda ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadigan turli sohalarda, jumladan, sog'liqni saqlash sohasida hamkorlik munosabatlarni yanada mustahkamlashni nazarda tutuvchi imzolangan hujjatlarni amalga oshirish maqsadida, 2018 yilning 2-5 iyun kunlari Janubiy Koreyaning etakchi mutaxassisi professor Yoon Joohee Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga tashrif buyurdi.
Janubiy Koreyalik mutaxassisining tashrifi, Koreyaning Katolik universitetining St.Vinsent shifoxonasi professori Pak Dong Chun boshchiligidagi delegatsiyasining joriy yilning may oyidagi tashrifi davomida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Koreya Katolik Universitetining St.Vinsent shifoxonasi o'rtasida imzolangan o'zaro anglashuv va hamkorlik to’g’risidagi Memorandum doirasida bo’lib o’tdi.
Xususan, St.Vinsent shifoxonasining akusherlik va ginekologiya, onkoginekologiya kafedrasi professori, Kyonkido tumani bachadon bo'yni saratoni sohasi bo'yicha bosh mutaxassisi va jarrohlik ginekologiya bo’yicha kuchli novator, janob Yoon Joohee ToshPTI Akusherlik va ginekologiya kafedrasiga tashrif buyurdi.
Rejalashtirilganidek, tashrif doirasida chet ellik mutaxassisning Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rahbariyati bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi, unda tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qilib, o'zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlari va istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Tashrif dasturiga belgilangandek, ToshPTI shifokorlari, o'qituvchilari va talabalari uchun Janubiy Koreyalik mutaxassis ma'ruza mashg’uloti o’tkazdi.
Shuningdek, tashrif doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIA va GIATM) klinikasida "Yagona port laparaskopiyasi" operatsiyalari bo'yicha master-klass operatsiyalar o'tkazildi.
Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Matbuot xizmati