Xalqaro press-klubda “Qabul - 2018: Shaffoflik, halollik, adolat mezonlari va innovatsion yondashuvlar” mavzusida o‘tkazilgan navbatdagi sessiyada 2018-2019 yillarda oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayoni va test imtihonlariga tayyorgarlik ishlari hamda bugun dolzarb bo‘lib turgan juda muhim masalalar va muammoli vaziyatlar tahlil qilindi. Unda O‘zbekiston universitetlari tarixida birinchi marta Rektorlarning Murojaati havola etildi va qabul qilindi.
“Biz – ko‘p sonli rektorlar ta’lim-tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, unga ilg‘or innovatsion g‘oyalarni olib kirish, yoshlarning iste’dodlarini namoyon etishlari uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratib berish bilan birgalikda soha rivojiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan va zamonaviy ta’limning oyog‘iga kishan bo‘lib turgan illat- poraxo‘rlik va ta’magirlikning oldini olish, har ishda halol va vijdonan yo‘l tutish, oliy ta’lim muassasalarini haqiqiy ma’nodagi ma’rifat va halollik maskaniga aylantirish, shuningdek, bu yilgi qabul jarayonlarini shaffof, adolatli va halol o‘tkazishga va’da beramiz.”- deyiladi, murojaatda.
Matnda abituriyentlarning o‘z bilimigagiga ishonishi lozimligi qayd etilgan: “Ko‘ryapsizki, yoshlarning ilm-fan va kasb-hunar sirlarini egallashlari uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlar muhayyo qilib berilmoqda. Bugun o‘zingiz uchun kasb tanlab, o‘qishga kirishga ahd qildingizmi, o‘z bilimingizga, aql-zakovatingizga va sizlarga shu sharoitlarni yaratib bergan Prezident ishonchiga munosib bo‘ling va munosib ish qiling. Kirish imtihonlariga, test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rib, bu imtihonlardan o‘z bilimingiz bilan o‘tishga bel bog‘lang.”
Shuningdek, ota-onalar ham halollikka chaqirildi. “Afsuski, tovlamachilar va firibgarlarning dunyoqarashi o‘zgarmayapti. Ular hamon eskicha o‘y-xayollarda, mo‘may va qing‘ir yo‘llar bilan daromad topish ilinjida yuribdi. Ularning tuzog‘iga ilinib qolmang”, deyiladi murojaatda. - Xalqimizda “qars ikki qo‘ldan chiqadi” degan naql bor. “Korrupsiya to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli bandlariga ko‘ra pora bergan ham, pora olgan ham qonun oldida teng javobgar sanaladi va muqarrar jazoga tortiladi. Farzandingizga yordam beraman desangiz, noo‘rin va pinhona hatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymang! Bu yo‘ldagi nojo‘ya qadam bilingki, kun o‘tib bir kun bolangiz kelajagi uchun qattiq zarba bo‘lishi mumkin. Bir haqiqatni unutmang!
Albatta, ta’limdagi korrupsiya taraqqiyotning eng asosiy kushandasi sanaladi. Rektorlar ushbu murojaatda imtihonlarni shaffof o‘tkazishga va’da berish barobarida aholini ham bu kabi qing‘ir harakatlarga chek qo‘yishga chaqirishmoqda. Bu quvonarli hol. Umid qilamizki, imtihonlar vaqtida har yili urchiydigan shubha gumonlar bu yil qulog‘imizga chalinmaydi. Zero murojaatnomada qayd etilganidek, pora bilan o‘qishga kirgan inson, butun hayoti davomida shu pulni qaytarib ishlab olish harakatida bo‘ladi. U o‘qituvchimi yoki shifokor, mas’ul mutasaddimi yoki oddiy ishchi qat’iy nazar oldiga kelgan har bir insonga “tovar” sifatida qaraydi va undan doimo ta’ma qiladi.