Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan joriy yil 18-oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida koʻplab muhim anjumanlar, forum va tadbirlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Jumladan, Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumi ikki davlat oʻrtasida oliy taʼlim tizimidagi oʻzaro strategik hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga koʻtarishda alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Yurtmizda ilk marta oʻtkazilayotgan mazkur yirik forum oldidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvahitov, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari O.Abdurahmonov, Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari rektorlari kengashi raisi, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori S.Turobjonov mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan taʼlim sohasidagi islohotlar zamirida Vatanimizni yanada taraqqiy ettirish, yoshlarni har jihatdan barkamol shaxs etib voyaga yetkazish, sohalar uchun yuqori bilimga ega mutaxassislarni tayyorlashdek maqsadlar mujassam ekanini taʼkidladi.
Mamlakatimizda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar taʼlimning barcha boʻgʻini, ayniqsa, oliy taʼlim tizimida yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Bu jihatlar oʻqitish sifatini tubdan takomillashtirish, bilim maskanlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oliy taʼlim maskanlariga yoshlarning qamrovini tobora oshirish kabilarda oʻzining yorqin ifodasini topmoqda.
Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumi ikki davlat oʻrtasida oliy taʼlim tizimidagi oʻzaro strategik hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, maʼrifiy, ilmiy jamoatchilikning oʻzaro fikr va tajriba almashishi, oliy oʻquv dargohlariaro aloqalarni keng yoʻlga qoʻyish, taʼlimga oid yangi dasturlar, loyihalarni rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur yirik forumda yurtimiz oliy taʼlim dargohlari bilan birga Rossiyaning eng nufuzli oliy taʼlim maskanlari rektorlari, ilmiy jamoatchiligi ishtirok etishi, hamkorlikda koʻplab shartnoma va kelishuvlar imzolanishi koʻzda tutilgan.