ToshPTI rektori yangi lavozimga tayinladi

Toshkent pediatriya tibbiyot institute rektori B.T. Daminov Sog’liqni saqlash vazirligi huzuridagi yangi tibbiyot markazi direktori lavozimiga tayinlandi.

Botir Daminov Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori lavozimini saqlagan holda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori lavozimiga tayinlandi.

Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda. Unga yuqori malakali va sifatli, xalqaro talablarga mos keladigan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishga moʻljallangan texnologik moddiy va ilmiy bazani, ushbu yoʻnalishdagi maktabni shakllantirish, ixtisoslik boʻyicha kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qoʻyish va ularni davolash, jumladan, aholiga yuqori malakali nefrologiya va gemodializ yordami koʻrsatish, shuningdek, buyrak transplantatsiyasi amaliyotini yanada takomillashtirish kabi dolzarb vazifalar yuklandi.

Shuningdek, soha boʻyicha yetuk kadrlarni tayyorlash, xodimlarning xorijiy yetakchi tibbiyot muassasalari va klinikalarida malaka oshirishlarni tashkil etish, ilgʻor usul va innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, mintaqalarda zarur profilaktik ishlar oʻtkazishda koʻmaklashish kabi yoʻnalishlarga ham masʼul etib belgilandi.

Shu oʻrinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 12 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami koʻrsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Respublika nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazida qurilish va taʼmirlash ishlariga 7 milliard soʻm, tibbiyot va diagnostika uskunalari, jumladan, yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlashga esa 2 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratilganini alohida taʼkidlash joiz.