“Mustaqillik marafoni-2018” ga start berildi

Yoshlarning bildirgan taklif va tashabbuslariga asosan 2018-yilning 9-sentabr kuni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi hamkorligida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 27 yilligi bayrami munosabati bilan barcha hududlarning markaziy koʻchalarida 10 km masofadan iborat boʻlgan “Mustaqillik marafoni-2018”  ga start berildi. Marafon yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, oʻzaro madaniy-sport aloqalarni yoʻlga qoʻyish hamda jismoniy tarbiya va sportni yoshlarning kundalik turmush hayotiga kiritish, shuningdek, sogʻlom raqobat muhitini yaratish maqsadida tashkil etildi.

Marafon mahallalardagi yoshlar, taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 16-30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar hamda faxriy koʻngillilar oʻrtasida yengil atletika sport turi boʻyicha oʻtkaziladigan yugurish qoidalariga muvofiq oʻtkazilmoqda. Bu orqali yoshlarni sport sohasiga yoʻnaltirish, ularda yengil atletikaga qiziqish uygʻotish va shu yoʻnalishda taʼlim olishga koʻmaklashish, professional sport turlarida oʻzlarini sinab koʻrishlari uchun imkoniyat va shart-sharoitlar yaratish kabi natijalarga erishiladi.

Mazkur yugurish musobaqasi soat 09.00 dan Respublika bo'ylab barcha hududlarning markaziy koʻchalarida start oldi.