Mamlakat iqtisodiyotining barcha jabhalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishini jadallashtirish, talab va ehtiyoj mavjud dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqilishini ta’minlash, shuning asosida boshqaruvda samaradorlikka erishish, ishlab chiqarishdagi sarf-xarajatlarni qisqartirish, xo‘jalik birlashmalari va yirik ishlab chiqarish korxonalarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatida aniqlikka erishish, shu orqali ularning ichki va tashqi bozordagi raqobatbardoshligini oshirish maqsadida, 2014 yil 3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.
Qaror asosida 2014-2015 yillarda iqtisodiyotning real sektorida axborot texnologiyalarini keng joriy qilishga doir chora-tadbirlar, loyihalar ro‘yxati tasdiqlandi. Ijrochilar zimmasiga maxsus Ishchi guruhlarini tashkil qilish, loyihalarni amalga oshirishga doir tarmoq jadvallarini tasdiqlash, shuningdek loyihalarni amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar, moliyaviy-iqtisodiy asoslarining dastlabki natijalarini ishlab chiqish kabi vazifalar yuklatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga axborot-kommunikatsiya tizimlari va dasturiy ta’minot mahsulotlarini joriy qilish bo‘yicha yirik muhim loyihalar kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga kiritish uchun har yili 1 iyunga qadar yirik ishlab chiqarish korxonalarida, tashkilotlarda AKTni joriy qilishga oid loyihalar ro‘yxati tasdiqlanadi. Aksiyadorlik kompaniyalari, assotsiatsiyalar, yirik tashkilotlarga o‘zlarida AKTni joriy qilishga oid yillik rejalarni, loyihalar ro‘yxati va sarf-xarajatlarni, AKT bo‘yicha kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha oldindan tasdiqlash vazifasi yuklatildi. Shuningdek Qarorda ulardagi AKT mutaxassislarini moddiy rag‘batlantirish, mutaxassislar miqdorini oshirish, tashkilotlarda zarur axborot tizimlari va dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish yuzasidan mutaxassislarni jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Qarorning amalga oshirilishi AKT mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyojning oshishi, loyihalarga yurtimiz dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarini jalb qilgan holda, milliy AKTni rivojlantirishga erishish imkoni yaratiladi.
Bugungi kunda dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari Milliy reyestriga axborot tizimlari va dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 40 dan ziyod kompaniyalar kiritilgan.