“Axborot texnologiyalarining rivojlanish istiqbollari – ITPA-2014”

Poytaxtimizda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va bir qator tashkilotlar hamkorligida “Axborot texnologiyalarining rivojlanish istiqbollari – ITPA-2014” mavzusida xalqaro ilmiy-texnikaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan axborotlashtirishni rivojlantirish sohasidagi islohotlar mamlakatimizning jahon axborot makoniga faol integratsiyalashuvini ta’minlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Anjumanda dunyoda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalangan holda global axborot hamjamiyatini tashkil etish jarayoni faollashayotgani, iqtisodiyot, ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayot jadal rivojlanayotgani qayd etildi. Barcha sohalarga telekommunikatsiyaning eng yangi yutuqlarini joriy etish borasida amaliy choralar ko‘rilmoqda. Elektron to‘lovlar, elektron raqamli imzo, kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro standartlarni tatbiq etish bo‘yicha rejali ishlar olib borilmoqda.

Konferensiyada qayd etilganidek, mamlakatimizning barcha hududida sifatli aloqa va ma’lumotlar uzatish xizmatlari tashkil etilib, tizimga yangi AKTlar joriy etilayotir. Internet, mobil aloqa vositalaridan foydalanuvchilar safi kengayayotgani bu soha yangiliklaridan xabardor bo‘lishni talab etadi. Tizimda yosh, malakali, izlanuvchan, bilimli kadrlarni tayyorlash ham dolzarb vazifadir.

Tadbirda yurtimiz va xorijda AKT sohasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, eng yangi ishlanmalar, keng turdagi o‘ziga xos xizmatlar bilan tanishish, tajriba almashish imkoniyati yaratildi.

Konferensiyada elektron hukumat, axborot xavfsizligi, boshqaruv va modellashtirish tizimlarida axborot texnologiyalarining qo‘llanilishi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanish muammolari va istiqbollari, sohada iqtisodiyot va menejment, ta’limni axborotlashtirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Manba: uza.uz