Telefon orqali to’lov

Keyingi paytlarda “Elektron tijorat”, “On-layn xarid”, “Mobil banking” so’zlari tez-tez qulog’imizga chalinmoqda. Mazkur xizmatlar mobil telefon orqali amalga oshirilishi hammaga ham ma’lum emas.

 

Poytaxtimizdagi Click kompaniyasining faoliyati tijorat banklari, tashkilotlar va jismoniy shaxslar uchun dasturiy mahsulotlar yaratish, ularni qo’llash, turli dasturiy majmualar bilan birlashtirish hamda yanada takomillashtirishdan iborat. Bunda Prezidentimizning 2013-yil 20-sentyabrda qabul qilingan “Mamlakatimizning dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarini rag’batlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Mijozlarga mobil telefon orqali mablag’larni boshqarishga yaqindan ko’mak berish maqsadida mobil banking xizmati yo’lga qo’yilgan.Ushbu tizimning qulayligi mijoz barcha amallarni o’z yumushlaridan ajralmagan holda bajarishi imkoniyati bor. Eng muhimi, tizim orqali bajarilgan to’lovlardan vositachilik haqi olinmaydi.

Click tizimidan yurtimizdagi barcha on-layn plastik kartalari egalari va omonatchilar foydalanishi mumkin. Buning uchun bankomat yoki info kiosklar orqali “SMS-xabarnoma” xizmatiga ulanib, mobil telefonda bepul USSD-buyrug’ini tersangiz kifoya. Ro’yxatdan o’tgan har bir yangi foydalanuvchiga xizmatning internet versiyasidan foydalanishga oid tegishli ma’lumotlar beriladi.

Click tizimini takomillashtirish jarayonida mijozlarni imkon qadar ortiqcha tashvishlardan xalos etishga harakat qilindi. Bunda to’lovlarni kunu tun, ish va dam olish kunlari, bir so’z bilan aytganda, foydalanuvchining o’ziga zarur bo’lgan istalgan vaqtda amalga oshirish mumkin.

Tizim yana mobil telefon yoki internet yordamida bir vaqtning o’zida turli banklarda ochilgan hisob varaqlardagi mablag’larni uzluksiz tarzda boshqarishga imkon beradi. Misol uchun, pul mablag’larini bir hisob varaqdan boshqasiga o’tkazish, o’tkazilgan to’lovlarni tekshirish hamda bank hisob varaqlari va plastik kartochkalar bo’yicha operastiyalar to’g’risida SMS-xabarnomalar olish va yana turli operastiyalarni bajarishga yo’l ochadi.

Mazkur xizmatlardan foydalanayotganlar 120 ming nafardan oshdi. Internetga kirish hamda telefonga qo’shimcha dasturlar va ilovalarni o’rnatish talab qilinmasligi ushbu mobil banking tizimining tobora ommalashishida muhim omil bo’lmoqda. To’lovlar bo’yicha va shaxsiy ma’lumotlar ishonchli tarzda himoya qilingan, menyuning tuzilishi va to’lovlarni amalga oshirish jarayoni esa oddiy va tushunarlidir.

Kompaniya muntazam rivojlanishni talab qiluvchi tezkor sohada faoliyat yuritmoqda. Shu bois dastur muntazam ravishda takomillashtirilmoqda. Asosiy maqsad vaqt va mablag’ni tejashga yo’naltirilgan qulay va oddiy dasturni yaratishdan iborat.

Yaqinda foydalanuvchilar uchun navbatdagi qulaylik – tizimdagi yangi bo’lim shaklida “Market” savdo maydonchasi ishga tushirildi. Ushbu bo’lim yordamida foydalanuvchilar o’zlari uchun zarur bo’lgan tovarlar va xizmatlarni tanlash, yetkazib beruvchilarning kontakt ma’lumotlarini olish, telefon orqali buyurtma berish va shu vaqtning o’zida chiqarilgan hisobni bevosita o’zlarining onlayn-plastik kartochkalari yoki bankdagi depozit hisob varaqlaridan to’lash imkoniyatiga ega bo’ldi.

Ushbu yangiliklar mamlakatimizda tobora ko’payib borayotgan on-layn kartochkalari egalariga kundalik to’lovlarni amalga oshirish va o’zlari uchun eng foydali va qulay tarzda xaridlar qilish imkoniyatini yaratadi.

Manba: uza.uz