ELEKTRON DAVLAT XARIDLARINI O’TKAZISH XAKIDA

ELEKTRON DAVLAT XARIDLARINI O’TKAZISH XAKIDA Loyiha boshqaruvi milliy agentligining buyrug’i (21.05.2018 yilda 3015-son bilan ro’yxatdan o’tkazilgan) bilan maxsus axborot portali operatorining davlat xaridlarini tashkil etish faoliyati tartibga solindi. Eslatib o’tamiz, davlat xaridlari sohasidagi munosabatlar, ularni o’tkazish shartlari va talablari 9.04.2018 yildagi «Davlat xaridlari to’g’risida»gi Qonun bilan tartibga solinadi. Maxsus axborot portali operatori – xarid qilish tartib-taomillari tashkil etilishi va o’tkazilishini, portalda e’lonlar, talabnomalar hamda davlat xaridlari va ularning yakunlari to’g’risidagi boshqa axborot joylashtirilishini ta’minlovchi yuridik shaxs. Qanday qilib operator bo’lish mumkin Buning uchun yuridik shaxslar Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga (bundan keyin – LBMA) quyidagilarni yo’llaydilar: 1) ariza; 2) ularning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar, aynan: • davlat xaridlari to’g’risidagi axborotni joylashtirishni va undan foydalanishni, majburiyatlarni hisob-kitob-kliring palatasi orqali bajarish kafolatlarini, davlat xaridlari bo’yicha statistik ma’lumotlarni qayta ishlashni ta’minlaydigan elektron axborot tizimining mavjudligi; • elektron tijorat va axborot texnologiyalari sohasida malakali xodimlar mavjudligi; • portalni respublika hududidagi apprat-texnika vositalarida joylashtirish; • ularga nisbatan bankrotlik tartib-taomillari qo’llanilmaganligi; 3) Odob-axloq qoidalari loyihasi. Ular davlat buyurtmachilari va operator tomonidan manfaatlar qarama-qarshiligining oldini olish choralarini, shuningdek tekshiruv tartib-taomillari va kasbiy tayyorgarlikka qo’yiladigan talablarni belgilash uchun qabul qilinadi. Taqdim etilgan hujjatlarni bir oy o’rganish yakunlariga ko’ra LBMA arizani qanoatlantirib, operator funktsiyalarini arizachiga yuklaydi yoxud arizani qanoatlantirishni rad etadi. Operator bilan kelishuv tuziladi, unda buyurtmachi va ishtirokchilardan operator foydasiga olinadigan vositachilik yig’imi miqdori nazarda tutiladi. Vositachilik yig’imi miqdori barcha operatorlar uchun yagona hisoblanadi. Operator zimmasiga nimalar yuklatiladi Operator quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi: • portalning uzluksiz ishlashini, unga joylashtirilgan axborotning but saqlanishini va bir butunligini ta’minlaydi; • davlat xaridlarida ishtirok etish uchun buyurtmachilar va ishtirokchilarning, shuningdek portalda mavjud bo’lgan axborotdan jismoniy va yuridik shaxslarning portaldan bepul erkin foydalanishlarini ta’minlaydi; • portalda davlat boshqaruvi organlari o’rtasida axborot almashinuvini tashkil etadi; • portalni texnik qo’llab-quvvatlash ishlarini amalga oshiradi; • LBMA va Investitsiyalar bo’yicha davlat qo’mitasi, «O’zInjiniring» singari tuzilmalar bilan hamkorlikni amalga oshiradi; • portalda Insofsiz ijrochilarning yagona reestrini joylashtiradi; • tuzilgan shartnomalar reestrini shakllantiradi va b. Shuningdek portal Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko’rib chiqish bo’yicha komissiya faoliyatini tashkil etadi va uning ishchi organi hisoblanadi. Batafsil sharhga qarang. Elektron xaridlarga kiritish tartib-taomili qanday Operator tomonidan buyurtmachilar va ishtirokchilarni elektron davlat xaridlariga kiritish ularda ERI mavjud bo’lgan holda amalga oshiriladi. Byudjet buyurtmachilari (davlat organlari, byudjet tashkilotlari, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish uchun byudjet mablag’larini oluvchilar, davlat maqsadli jamg’armalari) avtomatik rejimda Moliya vazirligi va operator ma’lumotlar bazasining elektron hamkorligi orqali markazlashtirilgan tartibda xaridga kiritiladi. Korporativ buyurtmachilar portaldagi elektron shakldagi so’rovnoma-arizani to’ldirganlarida xaridga kiritiladi. Ishtirokchilar xaridga kiritilishi uchun quyidagi mezonlarga muvofiq bo’lishlari shart: • shartnoma tuzish uchun qonuniy huquqqa ega bo’lishi, ya’ni ERI mavjud bo’lishi; • soliq va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha qarzdorligi mavjud bo’lmasligi; • ularga nisbatan bankrotlik tartib-taomillari joriy etilmagan bo’lishi; • Insofsiz ijrochilarning yagona reestrida ular haqida yozuv bo’lmasligi. Bu – muhim! Buyurtmachilar va ishtirokchilarni xaridga kiritish – bepul bo’lib, zarur ma’lumotlar portalga kiritilgandan keyin bir ish kuni davomida amalga oshiriladi. Shuningdek hujjatda davlat xaridlari bo’yicha shartnomalar tuzish va shartnomaviy majburiyatlar ijro etilishini ta’minlash tartibi belgilangan. Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 22.05.2018 yildan kuchga kirdi.