Sir emas, aholimiz ayrim kasalliklarni davolash uchun va murakkab operatsiyalarga ehtiyoj sabab chet el klinikalariga murojaat qilishga majbur bo'lmoqda. Xususan, ma'lumotlarga ko'ra, har yili taxminan 25-30 mingga yaqin yurtdoshimiz Hindistonda davolanish uchun murojaat qiladi.
Bu vaziyatni inobatga olgan holda mamlakatimizga hindistonlik yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish amaliyoti yo'lga qo'yilayotgani yaxshi samara bermoqda. Bu tashabbus mamlakatlarimiz o'rtasida ham qo'llab-quvvatlanib, investorlar manfaati to'la kafolatgan. Hindiston tibbiyoti taraqqiy etgan davlatlardan sanaladi.
Bugun mamlakatda tibbiyot turizmi yaxshi rivojlangan. Har yili dunyoning turli davlatlaridan ko'plab insonlar dardiga davo topish ilinjida Hindistonga keladi. Malakali mutaxassislar ularni davolashning uddasidan chiqmoqda. Hindistondagi “Medanta” klinikasi xorijda ham ma'lum va mashhur.
Bu erda travmatologiya, kardiologiya, onkologiya singari kasalliklar davolanadi. Klinikada yurak jarrohligi, turli a'zolar transplantatsiyasi o'tkaziladi. Bosh miya jarrohligida esa ilg'or innovatsion usullar qo'llaniladi. AQSh va Singapurda ham filialiga ega klinikaga har yili minglab bemor murojaat qiladi.
Ular orasida yurtdoshlarimiz ham bor. Mazkur klinikaning ilg'or yutuqlari va yurtdoshlarimizning talab va ehtiyojini inobatga olgan holda uning O'zbekistonda filialini ochish rejalashtirilgan. Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, vazirlik va klinika rahbariyati o'rtasida bo'lgan uchrashuvda bu haqda kelishib olindi.
Uchrashuvda “Medanta” klinikasi rahbari Naresh Trexan O'zbekistondagi filial Hindistondagidan qolishmagan holda eng zamonaviy tibbiy texnika vositalari bilan jihozlanishini, bu erda malakali shifokorlar ishlashini alohida ta'kidladi. Yangi loyihaga 15 million AQSh dollari miqdorida investetsiya jalb qilinishi ko'zda tutilgan.
Naresh Trexan fikricha, o'zbekistonlik shifokorlar, xususan, jarrohlar, kardiologlarning bilimi va malakasi yuqori, lekin ularning zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish ko'nikmasini yanada oshirish zarur. Shu bois, filial ishga tushgan dastlabki oylarda mahalliy mutaxassislar hindistonlik hamkasblaridan bu borada o'zaro tajriba almashadi. O'zbekistonda mazkur klinikaning ochilishi hamyurtlarimizning uzoq yo'l bosib Hindistonga borish mushkulidan ozod qiladi, o'z navbatida, bu erda qo'shni davlat fuqarolari ham davolanish imkoniga ega bo'ladi.