Prezident Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini imzoladi

Prezident Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini imzoladi.

25 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “2015-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorini imzoladi.

Qaror bilan 2015-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.

Tashkiliy qo‘mita Navro‘z bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga qaratilgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar rejasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi.

Tadbirlar rejasini tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilishi belgilandi.

-ayni Navro‘z faslida inson o‘zini tabiatning ajralmas, uzviy bir qismi sifatida his etishini ifoda qiladigan, atrof-muhitni, ona zaminni e’zozlab, uning ne’matlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat etadigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirish;

-joylarda bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda, ommaviy axborot vositalarida Navro‘z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog‘liq urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;

-mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimiz uchun sevimli bayramga aylangan Navro‘zning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan ahillik va totuvlik, mehru saxovat, yoshi ulug‘ insonlarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish;

-yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo‘lmish Navro‘z faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarimizda hasharlar, keng ko‘lamdagi obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;

-Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan bayram dasturlariga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, oilaviy ansambllar, baxshi-shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste’dodli estrada artistlarini tanlov asosida jalb etish;

-bayram dasturlarini tayyorlashda folklor san’atining eng yaxshi namunalari, xalq o‘yinlariga, el-yurtimizning dilidan chuqur joy olgan tarixiy urf-odatlarga, go‘zal insoniy tuyg‘ularni tarannum etadigan mumtoz kuy va qo‘shiqlar, o‘lan va laparlarga keng o‘rin berish.