2016 yil 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunga imzo chekdi. Qonunning rasmiy matni “Xalq so‘zi” va “Narodnoe slovo” gazetalarida e‘lon qilindi.
Mazkur Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yil 12 avgustda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2016 yil 24 avgustda ma‘qullangan edi.
Ushbu qonunning maqsadi yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonun 33 moddadan iborat.
Qonunda quyidagi bir qator tushunchalarga izoh berib ketilgan:
yoshlar (yosh fuqarolar) - 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar;
yosh oila - er-xotinning ikkisi ham 30 yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (bola) tarbiyalab voyaga etkazayotgan 30 yoshdan oshmagan yolg‘iz otadan yoki yolg‘iz onadan iborat bo‘lgan oila, shu jumladan nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol);
yosh mutaxassis - oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi muassasasini bitirgan, ta‘lim muassasasini bitirganidan so‘ng olgan ixtisosligi bo‘yicha uch yil ichida ishga kirgan va ma‘lumoti to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan ixtisosligi bo‘yicha ishlayotganiga uch yildan ko‘p bo‘lmagan o‘ttiz yoshdan oshmagan xodim;
yoshlar tadbirkorligi - yuridik shaxs tashkil etmagan holda yosh fuqarolar tomonidan, shuningdek ta‘sischilari yosh fuqarolar bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati.
Qonunga ko‘ra, yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta‘minlash;
- yoshlarning hayoti va sog‘ligini saqlash;
- yoshlarning ma‘naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish;
- yoshlar uchun ochiq va sifatli ta‘limni ta‘minlash;
- yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish;
- yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta‘sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qatiy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash;
- yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik goyalaridan himoya qilish;
- yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish;
- iqtidorli va iste‘dodli yoshlarni qo’llab-quvvatlash hamda ragbatlantirish;
- yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart- sharoitlar yaratish;
- yoshlarda soglom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
- yosh oilalarni ma‘naviy va moddiy jihatdan qo‘llab- quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha kompleks chora- tadbirlar tizimini amalga oshirish;
- yoshlarning huquqlari va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
Mazkur Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e‘tiboran, ya‘ni 2016 yil 15 sentyabrdan kuchga kirdi.