Poytaxtimizdagi Xalqaro forumlar saroyida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosim bo'lib o'tdi. Tadbirda O'zbekistonning saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
1992 yil, 8 dekabr. 12 chaqiriq O'zbekiston Oliy Kengashining 11 sessiyasida mamlakatimiz Bosh qomusi, O'zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan. Ushbu sana shubhasiz, zamonaviy O'zbekiston tarihiga zarhal harflar bilan bitilgan. Mazkur hujjatda demokratik prinsiplar, xalqimizning bebaho qadriyatlari va davlatchiligimiz tajribalari aks ettirilgan.Asosiysi Konstitutsiyamizda inson uning sha'ni, qadr- qimmati, huquqlari va erkinliklari oliy kadriyat sifatida belgilangan.
Tantanali marosim O'zbekiston madhiyasi bilan boshlandi. Marosimda O'zbekistonning saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqimizni vatanimiz hayotidagi qutlug' sana, O'zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.
Shavkat Mirziyoyev o'z nutqida Bosh qomusimizning ahamiyati, davlat va jamiyat hayotidagi tutgan o'rniga to'xtalib o'tdi.O'zbekiston o'z mohiyatiga ko'ra, xalqning o'zini-o'zi boshqarish, erkinlik va ijtimoiy adolat, insonparvar demokratik davlat barpo etish to'g'risidagi azaliy orzularini ifodalaydi.O'zbekistonning saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev asosiy qomusimizni ishlab chiqishda ulug' yo'lboshchimiz, birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning xizmatlarini alohida e'tirof etdi.
Mustaqil davlatchilik asoslari, erkin bozor munosabatlari, kuchli fuqarolik jamiyati, xalq uchun munosib hayot qurish kafolatlari bularning barchasiga O'zbekiston Konstitutsiyasi mustahkam huquqiy poydevori yaratdi. Mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilgan islohatlar unda belgilangan huquqiy normalarga asoslanadi. Ayni shu jihatda buyuk davlat arbobi Islom Karimovni Konstitutsimiz muallifi deyishga barcha asoslar bor, deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Mustaqillik yillarida Bosh qomusimiz asosida 400 ga yaqin qonunlar qabul qilindi. Ular inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlashga xizmat qilmoqda. Ammo, bu qonunlar islohatlar samarasiga yetarli darajada ta'sir qilmayapti. Ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda ushbu qonunlarning roli pastligicha qolmoqda. Shavkat Mirziyoyev o'z nutqida qonun ijodkorligi, ularning nazoratida senator va deputatlarning rolini kuchaytirish, normativ - huquqiy hujjatlarni kamaytirib, to'g'ridan to'g'ri ta'sir qiluvchi qonunlarni yaratish maqsadida Oliy Majlis huzurida ishlaydigan Vazirlar Mahkamasining doimiy vakilini tashkil etish bo'yicha taklif bildirdi.
Shuningdek, u sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlash, advokatura instituti vakolatlarini kengaytirish, korupsiyaga qarshi kurash, xalqning davlat hokimiyatiga bo'lgan ishonchini oshirish yuzasidan bajarilishi lozim bo'lgan vazifalarni birma bir sanab o'tdi.
Qolaversa, yakunlanayotgan “Sog'lom ona va bola yili” munosabati bilan davlat dasturi doirasida amalga oshirigan ishlar sarhisob qolindi. Dasturda belgilangan vazifalar ijrosiga 7 trln. 480 mlrd. so'm va 180 mln. AQSH dollari sarflandi. Ushbu mablag'lar hisobidan ayollarning reproduktiv salomatligini yaxshilash, tibbiyot muassasalarining moddiy texnika bazasini kuchaytirish, oila institutining qonunchilik asoslarini mustahkamlash yo'lida muayyan ishlar bajarildi. Ammo shunga qaramasdan joylarda tibbiyot tizimida muammolar ko'p. Shu bois ham tibbiyot sohasini isloh qilishga qaratilgan 5 ta qaror tayyorlanayotganligi qayd etildi.
Inson manfaatlarini ta'minlash, bugungi kun tartibidagi asosiy masala. Bu borada fuqarolar murojaatlari bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirish zarur, deydi Shavkat Mirziyoyev. Xalqning dardini eshitish, bu borada yondoshuvlarni tubdan o'zgartirish, davlat idoralarining aholi oldida hisob berish tizimini yaratish, har bir tuman va shaharda xalq qabulxonalarini tashkil etish etish bo'yicha amaliy takliflar ilgari surildi. Aynan shu masalalar kelayotgan 2017 yil uchun muhim vazifa sifatida belgilandi.
Marosimda Shavkat Mirziyoyev 2017 yilga “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deya nom berdi. Bu bilan xalq davlat organlari uchun emas, davlat organlari xalq uchun ishlaydigan vaqt yetdi. 2017 yilga mana shunday ezgu va oliy maqsadlar bilan qadam qo'ymoqdamiz. Belgilangan rejalar xalqimizning orzu intilishlari ifodasidir.
Konstitutsiyamizning 24 yilligi munosabati bilan o'tkazilgan tantanali marosimdan so'ng O'zbekiston san'ati ustalari ishtirokida adabiy-musiqiy dastur namoyish etildi. Unda o'zbek adabiyoti, san'ati va madaniyati rivojiga o'zining munosib xissasini qo'shgan buyuk shoir va adiblarning she'r va g'azallaridan parchalar o'qildi.
Vatan yagona, Vatan muqaddas. Bundan 25 yil avval yo'lga chiqqan qarvon o'z yo'lidan adashmaydi. Bu karvon buyuk maqsadlarni ko'zlagan. Yurt tinchligi asrash, xalq farovonligini ta'minlash bundan keyin ham bosh maqsadimiz bo'lib qoladi. Konsertda el suygan san'atkorlar tomonidan vatanni, oqko'ngil va mehnatsevar xalqni ulug'lovchi, O'zbekistonni madh etuvchi kuy - qo'shiqlar ijro etildi.