Тоshkent shahrida Vatan himoyachilari kuniga bag'ishlangan tantanali tadbir bo'ldi.

13_01_2017

13 yanvar kuni “O'zbekiston” anjumanlar saroyida Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 25 yilligi hamda “14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni” ga bag'ishlangan tantanali marosim bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo'mondoni Shavkat Mirziyoyev, shuningdek senator va deputatlar, hukumat a'zolari, askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz fahriylari, harbiylarning ota-onalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Milliy armiyamiz yurtimiz tinchligi, mamlakatimiz xavfsizligi va sarhadlarimiz dahlsizligining mustahkam qalqonidir. Shuning uchun ham xalqimiz “Vatan himoyachilari kuni”ni milliy bayram sifatida keng nishonlaydi. Harbiy xizmatchilarimizni esa tinch va obod hayotimiz posbonlari sifatida e'zozlaymiz.

Marosim O'zbekiston Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Shundan so'ng O'zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Mirziyoyev Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 25 yilligi bilan vatan himoyachilarini samimiy muborakbod etdi.

Davlatimiz rahbari shonli bayram kuni mustaqilligimiz asoschisi, milliy armiyamiz tamal toshini qo'ygan birinchi Prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltirib, o'tgan 25 yil davomida qo'lga kiritgan barcha yutuqlarimiz Islom Karimov nomi bilan bog'liq ekanligini yana bir bor yodga oldi.

1992 yil 14 yanvar, mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy tuzilmalar O'zbekistonning huquqiy tassarrufiga o'tkazilgan va aynan shu kundan milliy armiyaga asos solingan.

Sobiq ittifoq hududida to'qnashuvlar avj olgan murakkab bir sharoitda O'zbekiston Qurolli Kuchlarining tashkil etilganligi buyuk ish bo'lganligini Shavkat Mirziyoyev o'z nuqtida alohida ta'kidladi.

Tantanali marosim O'zbekiston san'at  ustalari ishtirokidagi bayram dasturi bilan davom etdi.

69