Qaror bilan 2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tasdiqlandi.
Tashkiliy qo‘mita Navro‘z bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o‘tkazishga qaratilgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar rejasini o‘n kun muddatda ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
Tadbirlar rejasini tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi.
-Navro‘z kunlarida insonning tabiat bilan uzviyligini, o‘zini uning ajralmas bir qismi sifatida his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni ardoqlab, uning ne’matlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat qiladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirish;
-barcha shahar va qishloqlarda bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda, ommaviy axborot vositalarida Navro‘z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog‘liq urf-odatlar, an’analar va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;
-Navro‘zning ruhi va falsafasida o‘z aksini topgan mehr-muruvvat, ahillik va totuvlik, yoshi ulug‘ insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
-yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo‘lmish Navro‘z faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarda hasharlar, keng ko‘lamdagi obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;
-Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan sayillarga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar, sirk artistlari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste’dodli estrada artistlarini keng jalb etish;
-sayil dasturlarini tayyorlashda xalq o‘yinlari, folklor san’atining eng yaxshi namunalarini, elu yurtning dilidan chuqur joy olgan, qadimiy urf-odatlar, ezgu insoniy tuyg‘ularni tarannum etadigan kuy va qo‘shiqlar, o‘lan va laparlarga keng o‘rin berish.