9 may kuni Toshkent shahrida bayram salyuti tashkil qilinadi
Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi har bir urush qatnashchisi va mehnat fronti faxriysi, xizmat burchini bajarishda halok bo‘lganlarning oilalarini qamrab oladi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z qarori bilan Xotira va qadrlash kuniga (9 may) bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha dasturni tasdiqladi.
Hujjatda 1941−1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining oila a’zolariga moddiy, ma’naviy va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatish choralari belgilangan.
«Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayotdir. Xotira - kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi - muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr - insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi», - deyiladi hujjat matnida.
«Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash - odamiylikning eng oliy me’zoni va bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir», - deya qayd etiladi qarorda.
Bosh vazir Abdulla Aripov boshchilik qiladigan ishchi komissiya Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni «Qahramonlik, burch va fidoyilik» hamda «Ajdodlarni xotiralash - muqaddas qadriyat» shiorlari ostida yuqori saviyada o‘tkazishga mas’ul etib belgilandi.
Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining oila a’zolariga moddiy, ma’naviy va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, tashkilot va harbiy qismlar vakillari biriktirilib, ushbu toifadagi shaxslarni qutlash va ko‘nglini ko‘tarish maqsadida ularning yashash joyiga rahbarlarning tashrifini tashkil etish belgilandi.
Dasturda yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari turar joyi va uy xo‘jaliklarini ta’mirlash, obodonlashtirish hamda o‘z uy-joyiga ega bo‘lmaganlariga turar joy ajratish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.
Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish davomida 1941−1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ko‘rsatgan matonati, mardlik va jasorati ahamiyatini keng aholi qatlami, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tushuntirish, targ‘ib va tashviq etish bo‘yicha madaniy-ma’rifiy va vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.
1941−1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga O‘zbekiston Prezidenti nomidan bir martalik pul mukofoti tantanali ravishda topshiriladi.
viloyat, shahar va tumanlarda ko‘cha va maydonlar Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan plakat va stendlar bilan bezaladi. Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasi, jumladan, urush yillari qo‘shiq va musiqalari, dasturxon tuzash va tegishli sharoitlar yaratiladi.
Mudofaa vazirligiga Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent shahrida 9 may soat 21:00 da bayram salyutini tashkil qilish topshirildi.