«Siz azizlarni, mo‘’tabar nuroniylar, mehribon opa-singillarimizni, azmu shijoatli yoshlarimizni, ko‘p millatli butun xalqimizni ushbu qutlug‘ ayyom bilan samimiy tabriklayman», — dedi davlat rahbari o‘z tabrigida.
«Biz taraqqiyotimizning yangi davri, yangi bosqichiga qadam qo‘ydik. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida belgilangan vazifalarni bajarishga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etdik. Ming shukrki, turli muammo va qiyinchiliklarga qaramasdan, 2017 yil mamlakatimiz uchun tinch, har tomonlama omadli va barakali bo‘ldi», — deya ta’kidladi Prezident.
«Eng muhimi, davlatning xalqqa munosabati o‘zgarmoqda. Xalq degan tushunchaning qadri yuksalmoqda. El-yurtga xizmat qilish hayotimiz mazmuniga aylanmoqda. Bularning barchasi odamlarimizning kundalik hayotida o‘z amaliy ifodasini topmoqda. Ularning ertangi kunga ishonchi yanada mustahkam bo‘lmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
2017 yilda tashqi siyosat sohasidagi faoliyatning g‘oyatda samarali bo‘lganini ta’kidlagan Prezident ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar yangicha ruh va mazmun kasb etayotganini ta’kidlab o‘tdi.
«Biz Yangi — 2018 yilga Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nom berdik, — deya davom ettirdi mamlakat rahbari. — Biz buyuk kelajagimizni aynan mana shunday yuksak maqsad va g‘oyalar asosida barpo etamiz. Xalqaro maydonda keskin raqobat kuchayib borayotgan hozirgi vaqtda bu eng to‘g‘ri va samarali yo‘ldir».
«Shu ma’noda, 2018 yil O‘zbekiston taraqqiyotida hal qiluvchi yil bo‘ladi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor», — dedi u.
«Yangi yilda ham xalqimiz hayot darajasi va sifatini, barcha toifadagi aholimiz daromadlarini oshirishga alohida ahamiyat beramiz. Yurtimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va elatlar o‘rtasidagi totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlash asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi. Chet ellardagi vatandoshlarimiz bilan aloqalarni kengaytirishga yanada katta e’tibor qaratamiz» — dedi Shavkat Mirziyoyev.