O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 aprelda «Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
«Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov (1928-2008) nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti edi», -deyiladi qarorda.
Qarorda qayd etilishicha, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Chingiz Aytmatovning o‘lmas badiiy merosi ikki xalq uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Uning gumanizm va ezgulik g‘oyalarini, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan barkamol asarlari mamlakatda millionlab nusxalarda nashr etilmoqda. O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan «Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston» doimiy ekspozitsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hujjatda o‘zining noyob iste’dodi va jo‘shqin ijtimoiy faoliyati bilan xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni, adabiy-madaniy aloqalarimizni rivojlantirish ishiga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olib hamda tavalludining 90 yilligini munosib nishonlash maqsadida qator choralarni amalga oshirish belgilandi.
Unga ko‘ra, bir oy muddatda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.
Ushbu chora-tadbirlar rejasida:
- «Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston» nomli xotira kitobini nashrga tayyorlash va chop etish;
- Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish;
- yozuvchi asarlari asosida yangi spektakl sahnalashtirish va badiiy film suratga olish;
- Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 33-maktabda adib byustini o‘rnatish boshqa chora-tadbirlar o‘rin olishi belgilandi.
Dekabr oyining ikkinchi o‘n kunligida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida atoqli adib xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkazish ko‘zda tutilgan.