Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
2018 yil 1 sentyabrdan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari oyliklari o‘rtacha 25 foizga ko‘tariladi. Bu O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5 apreldagi «Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Hujjatga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, ayni vaqtda respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridagi ilmiy hamda ilmiy-pedagogik kadrlarning salohiyati past darajada qolib ketmoqda. Ilmiy unvon yoki ilmiy darajaga ega bo‘lgan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedogogik kadrlarning mazkur jarayonlardagi ulushi tinimsiz pasayib borayapti. Ko‘p hollarda bu vaziyat ilmiy xodimlar va professor-o‘qituvchilar tarkibining ilmiy unvon yoki ilmiy darajalar olishga bo‘lgan urinishi so‘nggi yillar davomida moddiy manfaatdorlik oqibatida pasayib ketishiga sabab bo‘lmoqda, chunki stajyorlar (ilmiy unvon va darajasiz) bilan professor - bosh ilmiy xodimlar (ilmiy unvon yoki darajaga ega) o‘rtasidagi farq 50 foizdan ortmagan holda saqlanib qolinmoqda.
Mazkur qaror 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab 81 ta oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va 136 ta ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari tarkibining barcha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari sezilarli oshirilishini nazarda tutadi: hammasi bo‘lib 38 mingdan ortiq oliy ta’lim muassasalari (28,1 ming odam) va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari (8,0 ming odam), shuningdek 1,9 ming doktorantlar.
Bazaviy lavozim maoshlari tabaqalashtirilgan holda oshirilib, birinchi o‘rinda ilmiy unvon yoki darajaga ega bo‘lgan xodimlarga tatbiq etiladi. O‘rtacha hisobda bazaviy lavozim maoshlari 25 foizga oshiriladi (stajyorlarga 5 foizdan, oliy ta’lim muassasalari professorlari va ilmiy-tadqiqot institutlarining bosh ilmiy xodimlariga 38 foizgacha). Tabaqalashtirilgan bazaviy lavozim maoshlari oshirilishini nazarda tutgan holda egallab turgan lavozimidan, ilmiy unvon yoki darajasi borligidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda stajyor bilan professor o‘rtasida bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari 100 foizga, yoki ikki baravariga oshirilishi ko‘zda tutiladi.Taklif qilinayotgan chora-tadbirlar oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tarkibi va ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy xodimlari o‘z bilimlari va kasbiy ko‘nikmalarini, doimiy ravishda oshirib borishlari, ilmiy faoliyatlarini olib borishlari uchun rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqildi.
2018 yilning 1 sentyabridan boshlab bazaviy lavozim maoshlari oshirilishiga hammasi bo‘lib 73,8 milliard so‘m (38,4 - davlat byudjeti mablag‘lari), ulardan 60,3 milliard so‘m - oliy ta’lim muassasalari uchun (24,9 - milliard so‘m davlat byudjeti mablag‘lari), 11,3 mlrd. so‘m - ilmiy-tadqiqot institutlari uchun, shuningdek, 2,2 milliard so‘m oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari uchun qo‘shimcha ajratilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlariga mehnat haqi to‘lashda qo‘shimcha oylik xarajatlari miqdori 18,4 milliard so‘m bo‘lib, jumladan, 9,6 milliard so‘mi O‘zbekiston Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Qaror bilan alohida belgilanganki, oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarida ta’lim olayotgan 1923 nafar tadqiqotchiga ilmiy unvoni yoki darajasi bo‘lmagan kichik ilmiy xodimning bazaviy lavozim maoshi miqdorlariga tenglashtirilib, 1,76 million. so‘m, (bazaviy doktorantura, 1669 nafar) hamda fan nomzodi ilmiy darajasi yoki unvoni bo‘lgan yetakchi ilmiy xodimning bazaviy lavozim maoshi miqdorlariga teng bo‘lgan - 2,2 million so‘m (doktorantura, 254 nafar) miqdorida oshirilgan stipendiya (17 foiz - 18 foizga oshiriladi) to‘lanadi.
Mazkur qaror bilan fan doktori ilmiy darajasi bo‘lgan professorlar mehnat haqi miqdori 38-44 foizga oshiriladi va amaldagi 2,5 million so‘m o‘rniga 3,46 million so‘m bo‘ladi va shu bilan stajyor-o‘qituvchining mehnat haqi miqdori bilan 100 foizli tafovutni hosil qiladi (stajyor maoshi - 1,73 million so‘m).
Ilmiy-tadqiqot muassasalarida fan doktori darajasi yoki professor unvoniga ega bosh ilmiy xodimning mehnat haqi amaldagi 2,25 million so‘m o‘rniga 38 foizga oshirilib, 3,11 million so‘mga yetadi, stajyor-tadqiqotchi mehnat haqi miqdoridan 100 foizga yoki ikki baravarga oshiriladi (stajer maoshi - 1,55 million so‘m).