O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ibn Sino jamoat fondi hamkorligida Toshkent pediatriya tibbiyot institutida “Xalq tabobati – aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraktsiyasi a’zolari, ekspertlar, olimlar, keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, yurtimizda xalq tabobatini rivojlantirish yo’lidagi muammolar va ularning yechimini aniqlash, uning huquqiy asoslarini takomillashtirish bilan bog‘liq vazifalar muhokama qilindi.
Ta‘kidlanganidek, so‘nggi yigirma yil davomida aholining barcha qatlamlarida xalq tabobati vakillari-tabiblar xizmatidan foydalanishga talab, tibbiyotning an‘anaviy-xalqchil tizimlariga, ayniqsa tabiiy o‘simliklardan tayyorlangan dorivor vositalarga qiziqish nafaqat rivojlangan, balki rivojlanayotgan davlatlarda ham nihoyatda kuchaydi. Shu sababdan Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2014 yilda “Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining an‘anaviy tibbiyot, ya‘ni xalq tabobati bo‘yicha global strategiyasi”ni tasdiqladi va barcha davlatlarni xalq tabobatini har tomonlama rivojlantirish, uni zamonaviy tibbiyotga integrastiyalashga chaqirdi.
Bugungi kunda rivojlanayotgan mamlakatlarda xalq tabobati usullaridan foydalanib xizmat ko‘rsatadigan tabiblar faoliyati muayyan darajada tartibga solingan va qo‘llanilayotgan huquqiy asoslari mavjud. Shu nuqtai nazardan xalq tabobati xizmatlarini ko‘rsatish tartibi, xizmatlarning sifati va xavfsizligini nazorat qilish, kasalliklarning oldini olish, tashxis qo’yish va davolashda zamonaviy tibbiyot bilan xalq tabobati o’rtasidagi o’zaro hamkorlik va integrastiyani boshqarishning tartib va mexanizmlari mavjud emasligi hamda boshqa ishlar tahlil qilinganida bizning mamlakatimizda ushbu sohadagi vaziyatni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar bazasi mavjud emasligi qayd etildi.
Bunda “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to’grisida”gi qarori yurtimizda mazkur sohadagi muammolarni bartaraf etish bilan birga uni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Qarorda belgilangan xalq tabobatini rivojlantirishning asosiy yo’nalishlari sifatida xalq tabobati sohasidagi faoliyatni tartibga solish va nazorat qilishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy bazani shakllantirish, xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning huquqiy maqomini va ular tomonidan ko’rsatilgan xizmatlar oqibati uchun javobgarligini belgilash, xalq tabobatining ko’p yillik ko’nikmalari hamda amaliyotda tasdiqlangan ijobiy yutuqlarini zamonaviy tibbiyotga integrastiyalash orqali uning salohiyatidan foydalanish kabi ustuvor vazifalar O‘zbekiston “Adolat” SDP Saylovoldi dasturidagi aholining keng qatlamlariga ko’rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yanada oshirish tamoyilini ijrosini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Tadbir davomida amaliyotchilar, mutaxassislar, olimlar hamda deputatlarning sohani yanada takomillashtirishga doir takliflari tinglandi.
Davra suhbati yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraktsiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ibn Sino jamoat fondi sohaga oid huquqiy munosabatlarni tartibga solish, bu yuzasidan qonunchilik tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi.